BOLALAR MUSIQA VA SAN’AT MAKTABLARIDA TA’LIM SIFATINI OSHIRISHGA QARATILGAN METODIK QO‘LLANMA NASHR ETILDI
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat ta’limi markazi tomonidan “Bolalar musiqa va san’at maktablarida ta’lim sifatini oshirish” nomli metodik qo‘llanma tayyorlandi.
Qo‘llanmada pedagoglarning sifat tarkibi, ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar, ta’lim sifati holatini o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari, pedagoglarning taklif va tavsiyalari, shuningdek, ta’lim tashkilotlarining ilg‘or tajribalari yoritilgan.
Metodik qo‘llanmani tayyorlash jarayonida ta’lim tashkilotlaridagi mavjud holat va muammolar atroflicha o‘rganildi. Tadqiqot doirasida 350 nafardan ortiq o‘quvchi va 300 nafardan ortiq pedagog o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, 20 nafarga yaqin faol pedagog ishtirokida ta’lim sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Bildirilgan fikr va takliflar qo‘llanma mazmunini shakllantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, nashrda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribalar, pedagoglar o‘rtasida metodik hamkorlikni rivojlantirish mexanizmlari hamda bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Mazkur metodik qo‘llanma pedagog va rahbar xodimlarga ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda metodik ko‘mak beradi.
Qo‘llanmani yuklab olish

