“Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasasi — madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tizimini metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etishga xizmat qiluvchi muassasadir.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF–114-son Farmoni asosida tashkil etilgan bo‘lib, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim tashkilotlariga uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatish, ularning o‘quv-metodik ta’minotini takomillashtirish hamda ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ta’lim tashkilotlari faoliyatini metodik muvofiqlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, madaniyat va san’at ta’limini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishdan iborat.
Shuningdek, Markaz umumiy o‘rta, qo‘shimcha, kasbiy va oliy ta’lim bosqichlarida madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim jarayonining sifatini monitoring qilish, o‘quv dasturlari va metodik ta’minotni takomillashtirish, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Markazning maqsadi — madaniyat va san’at ta’limining zamonaviy, samarali va xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan tizimini rivojlantirish, yuqori malakali pedagog va ijodkor kadrlarni tayyorlash uchun zarur metodik va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishdir.