MADANIYAT VA SAN’AT TA’LIMI FIDOYILARI YUKSAK E’TIROFGA SAZOVOR BO‘LDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Ular orasida mamlakatimizda madaniyat va san’at, xususan, musiqa ta’limini rivojlantirish, milliy san’atimizning boy an’analarini asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi mutaxassislar ham yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan:
Uteyeva Gulnora Lukmanovna — R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining o‘zbek xalq cholg‘ulari bo‘limi jo‘rnavozi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan;
Kan Lyudmila Nikolayevna — Yashnobod tumanidagi 10-bolalar musiqa va san’at maktabining fortepiano sinfi o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni bilan;
Mukumova Shaxnoza Buranovna — Qarshi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining musiqa nazariyasi va fortepiano bo‘limi o‘qituvchisi, “Sog‘lom turmush” medali bilan;
Abdubekova Madina Rovshan qizi — Yunusobod tumanidagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabining vokal sinfi o‘qituvchisi, “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Uzoq yillik samarali faoliyati, kasbiy mahorati va yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qo‘shib kelayotgan munosib mehnati muhtaram Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan ushbu ustozlarimizni samimiy tabriklayman.
Shu fursatdan foydalanib, 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha ustoz va murabbiylarni ham samimiy muborakbod etaman.
Ustozlikdek sharafli va mas’uliyatli kasbni fidoyilik bilan ado etib, yosh avlodga bilim va tarbiya berib kelayotgan barcha muallim va murabbiylarning mehnati yuksak e’tirofga loyiq. Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, mehringiz va hayotiy tajribangiz orqali kelajak avlodning bilim va ma’naviy salohiyati shakllanmoqda.
Barcha ustoz va murabbiylarga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, baxt va omad, sharafli faoliyatlarida yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman.
Ehtirom ila,
Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari

